Maxsus imkoniyatlar

Ekran O‘lchami:

50 %

Shrift O‘lchami:

50 %
Saytni baholash
53
13
Sayt test rejimida ishlamoqda...

82025-05-24 10:32

O‘zbekiston Respublikasida insonning shaxsiy huquqlari Konstitusiyaviy kafolatlar asosida himoyalanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi inson va fuqarolarning asosiy shaxsiy huquq va erkinliklarini eng oliy qadriyat sifatida e‘tirof etadi. Bu huquqlar xalqaro standartlar va huquqiy normalar asosida mustahkamlangan bo‘lib, fuqarolarning erkin va xavfsiz hayot kechirishini ta‘minlashga qaratilgan.

Yashash huquqi – insonning eng muqaddas haqqi

Yashash huquqi har bir insonning ajralmas va daxlsiz huquqi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida, shuningdek, xalqaro huquqiy hujjatlar – Inson huquqlari umumjahon Deklarasiyasi (3-modda) va Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Pakt (6-modda)da mustahkamlangan. Bu huquq inson biologik mavjudot sifatida yashashga bo‘lgan konstitusiyaviy huquqini anglatadi.

O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri — fuqarolarning hayotini muhofaza qilish, ularning xavfsizligini ta‘minlash va sog‘lom turmush tarzini rivojlantirishdir. Shu maqsadda quyidagi chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda:

— fuqarolarning hayot xavfsizligini ta‘minlovchi qonunchilik bazasini mustahkamlash;
— aholining oziq-ovqat xavfsizligini kafolatlash;
— ekologik barqarorlikni ta‘minlash;
— sog‘liqni saqlash tizimini modernizasiya qilish va jamoaviy salomatlikni qo‘llab-quvvatlash.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimi, onalik va bolalikni himoya qilish yo‘nalishida qator davlat dasturlari qabul qilinib, amaliyotga joriy etilgan. Ularning barchasi insonning yashash huquqini kafolatlashga qaratilgan muhim mexanizmlardir.

Shaxsiy erkinlik va daxlsizlik huquqi – Konstitusiyaviy asoslar

Konstitusiyaning 25-moddasida belgilanganidek, O‘zbekiston fuqarosi erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Har qanday shaxs qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas. Ushbu norma shaxs erkinligini noqonuniy tajovuzlardan himoya qilishga xizmat qiladi.

Jinoyat-prosessual Kodeksining 18-moddasi 2-qismiga ko‘ra, hibsga olish yoki qamoqda saqlash faqat sud qarori yoxud prokuror sanksiyasi asosida amalga oshiriladi. Bu tartib shaxsning erkinligi ustidan nazoratning qonuniy asosda olib borilishini ta‘minlaydi.

Aybsizlik prezumpsiyasi – adolatli sudlovning asosiy mezoni

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 26-moddasiga muvofiq, har qanday shaxs aybdor deb topilmaguncha u aybsiz hisoblanadi. Sudda uning aybi qonuniy tartibda va ochiq muhokamalar orqali aniqlanmaguncha, unga nisbatan jazoni qo‘llash mumkin emas.

Bunday yondashuv fuqarolarning huquqiy himoyasini ta‘minlabgina qolmay, inson qadr-qimmatining daxlsizligini ta‘minlaydi. O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 1984-yil 10-dekabrda qabul qilingan "Qiynoqlarga qarshi Konvensiya"ga qo‘shilish orqali, qiynoqlarning oldini olishda xalqaro hamkorlikka alohida e‘tibor qaratilgan.

Shaxsiy hayot daxlsizligi – fuqarolik erkinligining ajralmas qismi

Konstitusiyaning 27-moddasida har bir fuqaro sha‘ni, obro‘si, shaxsiy hayoti, turar joy daxlsizligi va xat-xabar sirini himoya qilish huquqiga ega ekani belgilangan. Ushbu huquq fuqarolarning o‘z shaxsiy hayotini o‘z ixtiyori bilan belgilash huquqini kafolatlaydi.

Shaxs sha‘ni va qadr-qimmati insonning ma‘naviy dunyosi, axloqiy qarashlari, jamiyatdagi o‘rni va obro‘sining huquqiy ifodasi hisoblanadi. Tuhmat yoki haqorat, shuningdek, sha‘n va qadr-qimmatga qasddan putur etkazuvchi harakatlar O‘zbekiston qonunchiligi bilan jinoyat yoki ma‘muriy huquqbuzarlik sifatida baholanadi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi shaxsiy huquq va erkinliklarni kafolatlashga doimiy e‘tibor qaratib, ularni xalqaro huquqiy standartlar darajasida mustahkamlashga intilmoqda. Bu esa fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, adolatli jamiyatni barpo etish va inson sha‘ni hamda qadr-qimmatini e‘zozlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ergashev Avazjon Yigitalievich
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining raisi

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!

Tavsiya etamiz