O‘zbekiston fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga MUROJAATI

PAXTA HOSILIGA HOSIL QO‘SHIB, BU YILGI MAVSUMNI UYUSHQOQLIK BILAN O‘TKAZAYLIK!
O‘zbekiston fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga
MUROJAATI
Qadrli vatandoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha xodimlari!
Bu yilgi tabiat qiyinchiliklariga qaramasdan, biz fermer
va dehqonlar tomonidan respublika bo‘yicha 875 ming gektar maydonlarda chigit qadab, mashaqqatli mehnatimiz evaziga paxtadan mo‘l hosil yig‘ishtirib olish pallasida turibmiz.
Barchamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida ko‘plab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, ayniqsa bu yil iyul oyining har yilgidan ko‘ra o‘ta issiq kelishiga qaramasdan Siz fermerlar daladan chiqmasdan yerdan mo‘l hosil yetishtirish uchun mehnat qilayotganingiz – bu chinakam jasorat va matonat namunasidir.
Xalqimiz Sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi
va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator
va agronomlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin qilish yo‘lidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi.
Aslida buning zamirida Siz va bizning fidoyiligimiz orqali mamlakatimizning iqtisodiyotiga hissa qo‘shishdir. Shu muqaddas zaminda tavallud va tarbiya topgan, o‘zini aynan shu yurt farzandi deb bilguvchi inson o‘z davlati, xalqi oldidagi, uni umidlar bilan tarbiyalagan, voyaga yetkazgan jamiyat oldidagi burchini ado etishi kerakdir.
Fermer- yerga paxta urug‘ini qadagan mahaldan boshlab kun sanaydi: umid bilan qadagan niholni to‘la-to‘kis undirib olgunicha ozmuncha ter to‘kadimi, mehnat qiladimi?
Murakkab ob-havo sharoitidan tortib, eng kerakli agrotexnik tadbirlarni qo‘llashgacha bo‘lgan jarayonlardan eson-omon o‘tish oson kechmaydi, albatta. Eng muhimi, bu yilgi iyul oyining jazirama issiq kunida paxtaning hosilini olib qolib, tunu kun qilgan halol zahmatli xizmatlari mevasi naqadar totli ekanini hosil pishib yetilib, o‘z vaqtida terib-yig‘ib olinib, xirmonga to‘kilgan damda, asosiysi, belgilangan rejalar oshirib uddalanganidan keyingina anglab yetadi. Ana shundagina fermerning ko‘ngli xotirjam bo‘ladi. Buning uchun esa har bir fermer xo‘jaligi rahbari bugundan boshlab o‘z paxta dalasida “Dolzarb – 30 kun” e’lon qilishi lozim.
Himmati baland mirishkor fermerlar!
Iyul- avgust oylarida bajariladigan agrotexnik tadbirlarning ahamiyati paxta hosildorligini oshirishda nihoyatda muhim. Negaki, hosilning ertagi, sifatli va mo‘l bo‘lishi ayni shu oydagi mehnat natijasi bilan o‘lchanadi. Zero, g‘o‘za agrotexnikasi talablarga muvofiq bajarilsa, rivoji tezlashib, ko‘saklarga ko‘sak qo‘shiladi, erta pishib yetiladi, hosilga baraka kiradi.
Yuqoridagidan kelib chiqib, paxtadan yuqori hosil olish uchun iyul-avgust oylarida yana biz fermerlar tomonidan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish zarur bo‘layotganligini hamda ortiqcha yetishtirilgan har bir kilogramm paxta uchun qo‘shimcha daromad olishingizni yurakdan his etib, quyidagi tadbirlarni har qachongidan ham mas’uliyat bilan yondoshib amalga oshiraylik!
birinchidan, barcha dehqonlarning o‘rni dalada bo‘lishi, ayniqsa suvchi, mexanizator, entomologlar o‘z ishiga o‘ta jiddiy yondashmog‘i darkor;
ikkinchidan, kultivatorlar dalada to‘liq ishlashini tashkil eting;
uchinchidan, g‘o‘zani yana bir marta sharbat usulida qondirib sug‘orish, buning uchun suvchilarga barcha shart-sharoit yaratib, tungi sug‘orishni yo‘lga qo‘yib, sug‘orish ishlarini yakunlang; Bunda, suvdan to‘g‘ri, oqilona foydalaning, sug‘orishda ko‘llatmasdan sug‘orib, zovurga tashlamaslik choralarini ko‘rib suvni ortiqcha isrof qilinishiga yo‘l qo‘ymang;
to‘rtinchidan, zararkunanda hasharotlar – ko‘sak qurti, o‘rgimchakkana, beda qandalasi, qora shira xurujidan himoya qilishni kuchaytiring, uyg‘unlashgan kurash choralarini keng qo‘llang;
beshinchidan, iyul-avgustda bajariladigan agrotexnik tadbirlarni yana bir nozik jihati shundaki, bu paytga kelib, g‘o‘za qator oralarida sho‘ra, it uzum, qo‘y pechak, g‘umay, suv o‘ti kabi begona o‘tlar ham zo‘r berib o‘sadi.
G‘o‘zadan baland bo‘lib, hasharotlarni o‘ziga jalb etish bilan birga, turli zararli mikroorganizmlar ko‘payib, pastki yarusdagi ko‘saklarni chirishiga, makrosparioz va boshqa chirish kasalliklari ko‘payishiga olib keladi hamda g‘o‘zaga berilgan o‘g‘itni asosiy qismini o‘zlashtiradi.
Shu sababli har bir dala yana bir marta ko‘zdan kechirilib, begona o‘tlarni suvdan keyin qo‘lda yulib olish va barcha paykallar begona o‘tlardan tozalanishiga jiddiy e’tibor qarating.
oltinchidan, rivojdan orqada qolgan maydonlarni aloxida nazoratga oling va qoloqlikdan chiqarish uchun qushimcha agrotexnik tadbir kulang;
yettinchidan, biologik stimulyatorlar bilan qo‘shimcha ishlov bering g‘o‘za rivoji kechki bo‘lgan dalalarda ham paxtani erta pishib yetilishiga
va hosili barakali bo‘lishiga erishing;
sakkizinchidan, g‘o‘za qator oralari tutashib-birlashib ketmagan dalalarda 1–2 marta mayin kultivatsiya qiling.
Lekin, qator orasida kultivatsiya shunday o‘tkazilishi kerakki, bunda, g‘o‘za tuplariga ziyon yetkazmasin, ko‘saklarni to‘kmasin, g‘o‘za poyalarini payxon qilmang. Shuning uchun, kultivatorlarni ishchi organlarini “Baliq sirti” qilib o‘rang;
to‘qqizinchidan, ko‘chat soni qalin bo‘lgan, o‘sib ketgan va g‘ovlagan g‘o‘za maydonlarni pastki ko‘saklarning chirishini oldini olish uchun varaqalash ishlarini amalga oshiring;
o‘ninchidan, g‘o‘zaning hosil to‘plashi uchun sharoit yarating, ayniqsa xorijiy navlarni ekkan fermer xo‘jaliklari olimlar va tajribali mutaxassislar tavsiyalari asosida ish yuriting;
Paxtachilikdagi bunday yuqori natijalar, avvalo, dehqon va fermerlar, paxta klasterlari hamda soha fidoiylari tomonidan tunu-kun qilingan mashaqqatli mehnatining, shuningdek, puxta o‘ylangan islohotlar va ilmiy yondashuvlarning munosib samarasi demakdir.
Xabaringiz bor, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarimizda asosiy e’tiborni suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish, xo‘jalik va korxonalarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, eng muhimi, dehqon
va fermerlarning og‘irini yengil qilishga qaratmoqdamiz.
Aynan muhtaram Prezidentimizning 2025 yil 28 martdagi 131-sonli qaroriga binoan, paxtadan 50 s/gadan yuqori hosil olgan fermerlarga bir qator imtiyozlar joriy etilgan. Jumladan,
ijaraga olingan yerlarning 25% qismiga almashlab ekish huquqi (chorva ozuqasi, sabzavot, moyli ekinlar);
fermerlar kengashi a’zolik badali 0,6 foiz o‘rniga 0,3% etib belgilandi;
yer solig‘ida bazaviy stavkaga nisbatan mutanosib ravishda 3 karragacha kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llashga ruxsat berildi. Siz paxtadan yuqori hosildorlikka erishib ushbu imtiyozlardan foydalang!
Hurmatli fermer va dehqonlar!
Barcha imkoniyatlarni ishga solib mashaqqatli mehnat evaziga yetishtirilgan hosilingizni nes-nobud qilmasdan, yig‘ib-terib olishda ishchilaringiz hamda ko‘ngilli terimchilarga shart-sharoitlar yarating.
2025 yil hosilini qisqa fursatlarda va sifatli yig‘ib olish ishlarini tashkillashda butun mas’uliyat Sizning zimmangizda ekanligini unutmang!
Aziz fermer va dehqonlar!
Paxta yig‘im-terimi mavsumida shunday mehnat ko‘tarinkiligini tashkil qilaylikki, toki har bir O‘zbekistonlikman, degan inson o‘zini dehqondek his etsin. Bobodehqon yelkasidagi yukni ko‘tarishga kamarbasta bo‘lish, el-yurt tashvishiga sheriklik qilish, dehqonning zafarlaridan faxrlanish uchun kurashish hissi yuragingizda jo‘sh ursin!
Barchangizni mazkur ezgu ishda ishtirok etishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga, ona yurtimiz yanada obod bo‘lishi uchun munosib hissangizni qo‘shishga hamda “Dolzarb 30 kun” mobaynida paxta dalalariga yanada ishlov berishga va paxta yig‘im-terimi mavsumida faol qatnashishga da’vat etamiz!
O‘zbekiston fermerlari kengashi Rayosat a’zolari
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

O‘zbekiston fermerlari kengashining M U R O J A A T I

“Zakovat” intellektual musobaqasi tashkil etildi.


Dang‘ara tumanida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.