BOLA HUQUQLARI DAVLAT HIMOYASIDA

BOLA HUQUQLARI DAVLAT HIMOYASIDA
Xalqaro tashkilotlarning tadqiqotlariga ko‘ra, dunyoda 1 milliardga yaqin bolalar jismoniy, jinsiy, ruhiy zo‘ravonlikka va g‘amxo‘rlikdan mahrumlikka duch kelishadi, jabrlangan bolalarning 80 foizi bu haqda hech kimga xabar bermaydi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ko‘paymoqda.
2021 yilda bolalarga nisbatan 1831 ta jinoyat sodir etilgani ma’lum bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 20 foizga oshib, 2194 taga yetdi. Ushbu davrda bolaning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar soni 334 tadan 395 taga (+18%) oshdi. Bunday jinoyatlarning aksariyati Farg‘ona (719), Samarqand, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qayd etilgan.
So‘nggi uch yilda 2000 dan ortiq fuqaro sud qarori bilan ota-onalik huquqidan mahrum etildi, shundan 86 foizi ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikka tortildi.
O‘zbekiston Respublikasining 14.11.2024 yildagi O‘RQ-996-sonli O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Hujjat bilan zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bolalarga himoya orderini berish tartibi belgilandi. U ichki ishlar organlari tomonidan 30 kungacha muddatga beriladi va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga yoki uning qonuniy vakiliga vakolatli davlat organi ishtirokida topshiriladi.
Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining arizasiga ko‘ra, agar tahdid hali bartaraf etilmagan bo‘lsa, himoya orderining amal qilish muddati jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan 1 yilgacha uzaytirilishi mumkin.
Bolalar sodir etilgan zo‘ravonlik oqibatida yetkazilgan moddiy zararni qoplash va ma’naviy zararni qoplash talabi bilan sudga murojaat qilish, shuningdek, zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha davlat organlariga bevosita yoki qonuniy vakil orqali murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Qonun ota-onalarning mas’uliyatini oshiradi. Unda ota-onalar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini asrashlari, ularga g‘amxo‘rlik qilishlari va zararli ta’sir ko‘rsatadigan axborotdan himoya qilishlari kerakligi nazarda tutilgan. Hujjatda bolalarni tarbiyalash jarayonida ularni jismoniy jazolash alohida taqiqlangan.
Qonunda birinchi marta zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalarning 12 toifasi (yetimlar, qarovsiz bolalar, aqli zaif bolalar, fohishalik, tilanchilik bilan shug‘ullanuvchi bolalar, ta’lim va tarbiya talablariga javob bermaydigan sharoitlarda bo‘lgan bolalar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari) aniq belgilanmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan, zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish va zarur hollarda ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha individual choralar ko‘rilishini ta’minlashga yordam beradi.
Choralarga tajovuzkor xulq-atvorni tuzatish va jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning huquqlarini cheklash dasturlari kiradi.
Agentlik tomonidan jabrlanuvchilarga bepul yordam ko‘rsatish uchun kechayu kunduz ishlaydigan ishonch telefoni ham tashkil etiladi.
Hujjat bilan, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllariga berilgan ta’riflar soni 3 tadan (jismoniy, jinsiy, ruhiy) 6 taga (g‘amxo‘rlik qilmaslik, ekspluatatsiya, bulling) oshirilmoqda.
Fuqarolik ishlari bo’yicha Qo’qon
tumanlararo sudi sudyasi
M.Shokirova
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz



БАҒДОД ТУМАНИДА ҚУРИЛИШИ СОҲАСИДАГИ ИШЛАР ЎРГАНИЛМОҚДА

#ДИҚҚАТ, ЭЪЛОН! НАВБАТДАГИ СЕССИЯ 2 ИЮНЬ САНАСИГА БЕЛГИЛАНДИ

Kambag‘allikdan farovonlik sari: Ijtimoiy xizmatlarda yangi bosqich
