Shrift o'lchami Rang Rasm

www.DANGARA.uz


<< Dekabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 6 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi


O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI ELEKTRON RAQAMLI IMZO TO’G’RISIDA

 2017-09-30 14:20:00    3936

PDF yuklash
Chop etish


(O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004 y., 1-2-son, 12-modda; O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2015 y., 33-son, 439-modda)

1-modda.Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi elektron raqamli imzodan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda.Elektron raqamli imzo to’g’risidagi qonun hujjatlari

Elektron raqamli imzo to’g’risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O’zbekiston Respublikasining elektron raqamli imzo to’g’risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo’lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo’llaniladi.

3-modda.Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo’llaniladi:

elektron raqamli imzo — elektron hujjatdagi mazkur elektron hujjat axborotini elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalangan holda maxsus o’zgartirish natijasida hosil qilingan hamda elektron raqamli imzoning ochiq kaliti yordamida elektron hujjatdagi axborotda xatolik yo’qligini aniqlash va elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasini identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan imzo;

elektron raqamli imzoning yopiq kaliti — elektron raqamli imzo vositalaridan foydalangan holda hosil qilingan, faqat imzo qo’yuvchi shaxsning o’ziga ma’lum bo’lgan va elektron hujjatda elektron raqamli imzoni yaratish uchun mo’ljallangan belgilar ketma-ketligi;

elektron raqamli imzoning ochiq kaliti — elektron raqamli imzo vositalaridan foydalangan holda hosil qilingan, elektron raqamli imzoning yopiq kalitiga mos keluvchi, axborot tizimining har qanday foydalanuvchisi foydalana oladigan va elektron hujjatdagi elektron raqamli imzoning haqiqiyligini tasdiqlash uchun mo’ljallangan belgilar ketma-ketligi;

elektron raqamli imzoning haqiqiyligini tasdiqlash — elektron raqamli imzoning elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasiga tegishliligi va elektron hujjatdagi axborotda xatolik yo’qligi tekshirilgandagi ijobiy natija;

elektron hujjat — elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan hamda elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo’lgan axborot.

4-modda.Elektron raqamli imzodan foydalanish sohasini davlat tomonidan tartibga solish

Elektron raqamli imzodan foydalanish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va u maxsus vakolat bergan organ amalga oshiradi.

5-modda.Maxsus vakolatli organ

Maxsus vakolatli organ:

elektron raqamli imzodan foydalanish standartlari, normalari va qoidalarini ishlab chiqadi;

elektron raqamli imzolar kalitlarini ro’yxatga olish markazlarini (bundan buyon matnda ro’yxatga olish markazi deb yuritiladi) davlat ro’yxatidan o’tkazadi;

ro’yxatga olish markazlari vakolatli shaxslariga tegishli elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining yagona davlat reestrini yuritadi hamda yuridik va jismoniy shaxslarning undan erkin foydalana olishini ta’minlaydi;

ro’yxatga olish markazlarining vakolatli shaxslariga elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarini beradi;

yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatiga binoan ro’yxatga olish markazlari vakolatli shaxslarining elektron raqamli imzosi haqiqiyligini tasdiqlaydi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

6-modda.Ro’yxatga olish markazi

Ro’yxatga olish markazi maxsus vakolatli organda davlat ro’yxatidan o’tgan va ushbu Qonunda nazarda tutilgan vazifalarni bajarayotgan yuridik shaxsdir.

Ro’yxatga olish markazi:

elektron raqamli imzolarning yopiq va ochiq kalitlarini yaratadi;

elektron raqamli imzo yopiq kaliti muhofaza qilinishini ta’minlaydi;

elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining reestrini yuritadi, uning o’z vaqtida yangilanishini hamda undan yuridik va jismoniy shaxslarning erkin foydalana olish imkoniyatini ta’minlaydi;

yuridik va jismoniy shaxslarga elektron raqamli imzolar kalitlarining sertifikatlarini elektron hujjatlar shaklida va qog’oz hujjatlar shaklida beradi;

elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining amal qilishini to’xtatib turadi va qayta tiklaydi, shuningdek ularni bekor qiladi;

yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatiga binoan elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining ko’chirma nusxalari berilishini, shuningdek elektron raqamli imzolar kalitlarining to’xtatib turilgan va bekor qilingan sertifikatlari to’g’risidagi ma’lumotlardan erkin foydalanilishini ta’minlaydi;

yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatiga binoan elektron hujjatlardagi elektron raqamli imzoning haqiqiyligini tasdiqlaydi;

elektron raqamli imzoli qog’ozdagi elektron hujjatlarning ko’chirma nusxalarini tasdiqlaydi;

elektron raqamli imzo kalitining sertifikatidan bundan buyon foydalanish imkoniyatiga ta’sir etishi mumkin bo’lgan hollar haqida elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasini xabardor qiladi;

elektron raqamli imzo yopiq kalitining egalarini elektron raqamli imzodan foydalanish qoidalariga o’qitish imkoniyatini ta’minlaydi.

Ro’yxatga olish markazi bilan yuridik va jismoniy shaxslar o’rtasidagi munosabatlar shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Ro’yxatga olish markazining yuridik va jismoniy shaxslar uchun yaratilgan elektron raqamli imzolarning yopiq kalitlarini saqlashi hamda elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish maqsadiga to’g’ri kelmaydigan ma’lumotlarni so’rab olishi taqiqlanadi.

Oldingi tahrirga qarang.

O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi huzuridagi ro’yxatga olish markazi tomonidan berilgan elektron raqamli imzo kaliti sertifikatiga ega bo’lgan shaxslar davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda tijorat banklari tomonidan ko’rsatiladigan barcha turdagi xizmatlardan erkin foydalana oladi.

(6-modda O’zbekiston Respublikasining 2015 yil 20 avgustdagi O’RQ-391-sonliQonunigaasosan beshinchi qism bilan to’ldirilgan — O’R QHT, 2015 y., 33-son, 439-modda)

Ro’yxatga olish markazlari faoliyatining tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

7-modda.Elektron raqamli imzo bilan qo’lda o’zi qo’ygan imzoning bir xil ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etish shartlari

Elektron hujjatdagi elektron raqamli imzo ayni bir vaqtning o’zida quyidagi shartlarga rioya etilgan takdirda qog’oz hujjatga qo’lda o’zi qo’ygan imzo bilan bir xil ahamiyatga egadir, agar:

elektron raqamli imzoning haqiqiyligi tasdiqlangan bo’lsa;

elektron raqamli imzoning haqiqiyligi tasdiqlangan paytda yoki imzolash paytini belgilovchi dalillar bo’lganda elektron hujjat imzolanayotgan paytda elektron raqamli imzo kalitining sertifikati amal qilib turgan bo’lsa;

elektron raqamli imzodan elektron raqamli imzo kalitining sertifikatida ko’rsatilgan maqsadlarda foydalanilayotgan bo’lsa.

8-modda.Elektron raqamli imzo vositalari

Elektron raqamli imzo vositalari elektron hujjatda elektron raqamli imzo yaratilishini, elektron raqamli imzoning haqiqiyligi tasdiqlanishini, elektron raqamli imzoning yopiq va ochiq kalitlari yaratilishini ta’minlaydigan barcha texnikaviy va dasturiy vositalardan iborat bo’ladi.

Elektron raqamli imzo vositalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sertifikatlashtirilishi lozim.

9-modda.Elektron raqamli imzoning yopiq kalitlarini va ochiq kalitlarini yaratish

Elektron raqamli imzoning yopiq kalitlari va ochiq kalitlari yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yoki ularning murojaatiga binoan ro’yxatga olish markazi tomonidan elektron raqamli imzo vositalari yordamida yaratilishi mumkin.

10-modda.Elektron raqamli imzoning yopiq kaliti egasi

Elektron raqamli imzoni yaratgan (elektron hujjatga imzo qo’ygan) va ro’yxatga olish markazi tomonidan uning nomiga elektron raqamli imzo kaliti sertifikati berilgan jismoniy shaxs elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasi bo’ladi.

Elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasi:

elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalanish ustidan nazoratni ta’minlashi;

elektron raqamli imzo kaliti sertifikatini bergan ro’yxatga olish markaziga elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalanish rejimi buzilganligi yoki buzilishi ehtimoli borligi to’g’risida xabar qilishi va elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining amal qilishini to’xtatib turishni yoxud mazkur sertifikatni bekor qilishni talab qilishi;

o’zi vakil bo’lgan yuridik shaxsning qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi to’g’risida ro’yxatga olish markaziga xabar qilishi shart.

11-modda.Elektron raqamli imzo yopiq kaliti egasining javobgarligi

Elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasi ushbu Qonun 10-moddasiningikkinchi qismidako’rsatilgan majburiyatlarni bajarmaganligi oqibatida elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan ruxsatsiz tarzda foydalanilishi tufayli etkazilgan zarar uchun tegishli elektron raqamli imzo ochiq kalitining foydalanuvchisi oldida javobgar bo’ladi.

12-modda.Elektron raqamli imzo ochiq kalitining foydalanuvchisi

Elektron raqamli imzoning haqiqiyligini tasdiqlash uchun elektron raqamli imzoning ochiq kalitidan foydalanayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs elektron raqamli imzo ochiq kalitining foydalanuvchisi bo’lishi mumkin.

Elektron raqamli imzo ochiq kalitining foydalanuvchisi elektron raqamli imzoning ochiq kaliti elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasiga tegishliligini va elektron raqamli imzoning haqiqiyligini tekshirish uchun elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini bergan ro’yxatga olish markaziga murojaat etishga, shuningdek elektron raqamli imzoning haqiqiyligi tasdiqlanmagan hollar haqida elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasiga xabar qilishga haqli.

Elektron raqamli imzo ochiq kalitining foydalanuvchisi elektron raqamli imzo yopiq kaliti egasining shaxsi to’g’risidagi ma’lumotlar muhofaza qilinishini ta’minlashi kerak.

13-modda.Elektron raqamli imzo kalitining sertifikati

Elektron raqamli imzo kalitining sertifikati elektron raqamli imzoning ochiq kaliti elektron raqamli imzoning yopiq kalitiga mosligini tasdiqlaydigan va elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasiga ro’yxatga olish markazi tomonidan berilgan hujjatdan iborat bo’ladi.

Elektron raqamli imzo kalitining sertifikati elektron hujjat shaklida va qog’oz hujjat shaklida tayyorlanishi mumkin.

Elektron raqamli imzo kalitining sertifikatida quyidagilar ko’rsatilishi kerak:

elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasi bo’lgan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;

agar elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasi yuridik shaxsning vakili bo’lsa, shu yuridik shaxsning nomi;

uning tartib raqami va amal qilish muddati;

elektron raqamli imzoning ochiq kaliti;

elektron raqamli imzoning ochiq kalitidan foydalanishda yordam berishi mumkin bo’lgan elektron raqamli imzo vositalarining nomi;

mazkur sertifikatni bergan ro’yxatga olish markazining nomi va joylashgan manzili;

elektron raqamli imzodan foydalanish maqsadlari to’g’risidagi ma’lumotlar;

elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlari reestrining elektron manzili.

Elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasi tashabbusi bilan elektron raqamli imzo kaliti sertifikatiga boshqa ma’lumotlar ham kiritilishi mumkin.

14-modda.Elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish

Elektron raqamli imzo kalitining sertifikati ro’yxatga olish markazi tomonidan beriladi.

Elektron hujjat shaklidagi elektron raqamli imzo kalitining sertifikati berilayotganda u ro’yxatga olish markazi vakolatli shaxsining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.

Qog’oz hujjat shaklidagi elektron raqamli imzo kalitining sertifikati ikki nusxada rasmiylashtiriladi. Bunday sertifikatning har bir nusxasi ro’yxatga olish markazining vakolatli shaxsi tomonidan imzolanishi va ro’yxatga olish markazining muhri bilan tasdiqlanishi kerak. Elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining bir nusxasi elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasiga beriladi, boshqa nusxasi esa ro’yxatga olish markazida saqlanadi.

Elektron hujjatlar shaklidagi elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining ko’chirma nusxalarini berishga doir xizmatlar ro’yxatga olish markazi tomonidan bepul ko’rsatiladi.

15-modda.Elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining amal qilishini to’xtatib turish

Elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining amal qilishi elektron raqamli imzo yopiq kaliti egasining arizasi asosida, arizada ko’rsatilgan muddatga, lekin mazkur sertifikatning amal qilish muhlatidan ko’p bo’lmagan muddatga ro’yxatga olish markazi tomonidan to’xtatib turilishi mumkin.

Elektron raqamli imzo yopiq kaliti egasining elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining amal qilishini to’xtatib turish to’g’risidagi arizasi tushganda ro’yxatga olish markazi elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining reestriga tegishli yozuv kiritadi va ayni bir vaqtning o’zida bu haqda elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasini xabardor qiladi.

Elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining amal qilishi to’xtatib turilgan muddat ichida ro’yxatga olish markazi elektron raqamli imzo yopiq kaliti egasining arizasiga binoan mazkur sertifikatning amal qilishini qayta tiklashi mumkin.

16-modda.Elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini bekor qilish

Elektron raqamli imzo kalitining sertifikati elektron raqamli imzo yopiq kaliti egasining arizasi asosida ro’yxatga olish markazi tomonidan bekor qilinishi mumkin.

Ro’yxatga olish markazi, elektron raqamli imzo yopiq kaliti egasining roziligidan qati nazar, quyidagi hollarda elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini bekor qilishi shart, agar:

mazkur sertifikatning amal qilish muddati tugagan bo’lsa;

elektron raqamli imzo kalitining sertifikati berilishiga asos bo’lgan hujjatning amal qilishi tugatilganligi aniq ma’lum bo’lsa;

elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasi ushbu Qonun 10-moddasiningikkinchi qismidanazarda tutilgan o’z majburiyatlarini bajarmagan hollar aniqlangan bo’lsa.

Elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining amal qilishini to’xtatib turish muddati tugagan va elektron raqamli imzo yopiq kaliti egasining uni qayta tiklash haqida arizasi bo’lmagan taqdirda ham elektron raqamli imzo kalitining sertifikati bekor qilinishi kerak.

Elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini bekor qilish elektron raqamli imzo yopiq kaliti egasining arizasi olingan yoki ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida bayon qilingan holatlar yuzaga kelgan kunda ro’yxatga olish markazi tomonidan amalga oshiriladi.

Elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini bekor qilish to’g’risidagi yozuv ro’yxatga olish markazi tomonidan elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining reestriga kiritilib, bu haqda elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasi xabardor qilinadi.

17-modda.Elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini ro’yxatga olish markazida saqlash tartibi

Elektron hujjat shaklidagi elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini ro’yxatga olish markazida saqlash tartibi hamda muddati ro’yxatga olish markazi va elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasi o’rtasidagi shartnoma bilan belgilanadi.

Elektron hujjat shaklidagi elektron raqamli imzo kalitining bekor qilingan sertifikati ro’yxatga olish markazida kamida uch yil saqlanadi.

Elektron hujjat shaklidagi elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini saqlash muddati tugaganidan keyin, u ro’yxatga olish markazining elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining reestridan chiqariladi va arxivda saqlash rejimiga o’tkaziladi.

Qog’oz hujjat shaklidagi elektron raqamli imzo kalitining sertifikati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda saqlanadi.

Elektron raqamli imzo kalitining sertifikati yo’qolgan taqdirda, ro’yxatga olish markazi elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining dublikatini berishi mumkin.

18-modda.Ro’yxatga olish markazini tugatish

Ro’yxatga olish markazi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatilishi mumkin.

Ro’yxatga olish markazi tugatish to’g’risida qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran bir oy mobaynida bu haqda maxsus vakolatli organga, shuningdek mazkur ro’yxatga olish markazining elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining reestriga kiritilgan elektron raqamli imzo yopiq kalitlarining barcha egalariga xabar qilishi shart.

Ro’yxatga olish markazi tugatilgan taqdirda, mazkur ro’yxatga olish markazi tomonidan berilgan elektron raqamli imzolar kalitlarining sertifikatlari elektron raqamli imzo yopiq kalitlari egalarining roziligi bilan boshqa ro’yxatga olish markazlariga topshirilishi mumkin.

Boshqa ro’yxatga olish markazlariga topshirilmagan elektron raqamli imzolar kalitlarining sertifikatlari bekor qilinadi va maxsus vakolatli organga saqlash uchun topshirilib, bu haqda elektron raqamli imzolar ochiq kalitlarining foydalanuvchilari xabardor qilinadi.

19-modda.Chet davlatlarning elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlaridan foydalanish

Chet davlatlarning elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlaridan foydalanish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

20-modda.Muhr o’rnida ishlatish

Muhr bilan tasdiqlangan va elektron hujjatga aylantirilgan qog’oz hujjatning mazmuni qonun hujjatlariga yoki taraflarning kelishuviga muvofiq ro’yxatga olish markazi vakolatli shaxsining elektron raqamli imzosi bilan yoki elektron raqamli imzo yopiq kaliti egasining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanishi mumkin.

21-modda.Nizolarni hal etish

Elektron raqamli imzodan foydalanish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

22-modda.Elektron raqamli imzo to’g’risidagi qonun hjjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Elektron raqamli imzo to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo’ladilar.

O’zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2003 yil 11 dekabr,

562–II-son