Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
DAVLAT TILIDA ISH YURITISH HAR BIR DAVLAT XIZMATCHISINING BURCHIDIR
2021-09-17 18:23:17 2296
Mustaqilligimizning 30 yilligini nishonlash arafasida O‘zbekiston o‘tgan yillar mobaynida barcha sohalarda erishgan natijalarini sarhisob qilib, bosib o‘tilgan sharafli, shu bilan birga, mashaqqatli yo‘lga nazar tashlar ekanmiz, madaniyat va sanʼat sohalaridagi islohotlar, yangilanishlar asosida xalqimizning isteʼdodi, mehnati bilan qo‘lga kiritilgan yutuqlarni eʼtirof etmaslik mumkin emas.
Butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham madaniyat barqarorlikni mustahkamlashning muhim va taʼsirchan omiliga aylandi. O‘zbekistonda maʼnaviy yangilanishlar, avvalo, til siyosatida o‘z ifodasini topdi. Darhaqiqat, mustaqillik arafasidayoq o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan hodisa bo‘ldi.
Maʼlumki, til chuqur ijtimoiy mazmun kasb etib, tilidan mahrum bo‘lish, uni yo‘qotish millatning muqarrar tanazzulini anglatadi. Chunki, millatning madaniy-maʼnaviy boyligi, tafakkuri, tarixi va madaniyati uning tilida o‘z ifodasini topadi. Shuning uchun uni asrash va rivojlantirish o‘ta muhimdir. Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri bo‘lmish o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi tufayli ona tilimiz o‘zining qonuniy himoyasiga ega bo‘ldi.
Davlat tili maqomi 1992-yil dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi. Konstitutsiyaning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir” deb qayd etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan 1993-yil 2-sentyabrda “Lotin yozuviga asoslangan oʼzbek alifbosini joriy etish toʼgʼrisida”gi Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi.
Yangi alifbo o‘zbek tilining milliy xususiyatlarini yozuvda mukammalroq aks ettirish imkonini berdi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining joriy etilishi ona tilimizning xalqaro maydondagi obro‘-eʼtibori va nufuzini yuksaltirish, O‘zbekistonning jahon kommunikatsiya tizimiga integratsiyalashuvini taʼminlash, yoshlarning xorijiy tillarni, axborot texnologiyalarni har tomonlama mukammal egallashlari uchun qulay imkoniyatlar yaratilishiga xizmat qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-sonli Farmoni esa o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʼ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʼsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʼ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ustuvor vazifa sifatida belgilab bermoqda.
Dang‘ara tumani hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi E.Odilov